Категории раздела
Фильмы
Зарубежное кино
Ужасы
Сериалы
Мини-чат
Наш опрос
Оцените мой сайт
Всего ответов: 22
Статистика

Онлайн всего: 1
Гостей: 1
Пользователей: 0
Onam boshiga yoqqan qor

Bola edim. Kech kuzning izg'irinli kunida uyga o'qdek uchib kirdim:

– Qor! Birinchi qor!

Onamning har doimgidek quvonib ketishini, biron-bir yoqimli so'z aytishini kutgandim. U esa: “A?” dedi-yu, derazaga tikilgancha bir zum qotib qoldi.

– Qor yog'yapti, aya! – ta'kidladim yana bir bor. – Endi maza qilamiz!

– Ha-a... Rostdanam yog'yapti. Muncha erta...

So'ng sapchib o'rnidan turdi-da, taxlayotgan kiyimlarini yig'ishtirishga tushdi.

– Bor, akangni chaqir. Keyin xolangnikiga o'tib, biryo'la uni ham aytib kel. Biznikiga xotinlar kelishar ekan, degin.

Otam qazo qilganidan beri “xotinlar kelyapti” degan so'z menga yig'i-sig'ini eslatar, yuragimda ezgin tuyg'ularni uyg'otardi. “Qirq”dan keyin bir necha hafta o'tgan, uyimizda asta-sekin ilgarigidek sokin hayot hukmronlik qila boshlagandi. Nega yana ayollar kelisharkin? Onamni savolga tutish payti emasdi, chunki undagi behalovatlik meni zudlik bilan aytganlarini bajarishga da'vat qilardi.

Xolamnikiga etib-etmasimdan o'ziga ro'para bo'ldim.

– Bilaman, – dedi og'iz ochishim bilan. – Qorni ko'riboq sizlarnikiga otlangandim.

– Nima bo'ldi o'zi, xola? Nimaga xotinlar kelishadi?

– Otangning “qor yog'di”siga. Odam o'tganidan keyin birinchi marta qor yoqqanda shunaqa marosim bo'ladi.

– Nima qilishadi, yig'lashadimi?

– Otangni eslab, haqqiga duo qilishadi.

So'ng ancha jim qolgan xolam xo'rsinib qo'ydi va xuddi o'zi bilan gaplashayotganday, sekin so'zlay ketdi:

– O'limning ishi qiyin. Hali bahorda “gul”i bor, yozda “qovun”i... Opam sho'rlik “qirq”ni amallab o'tkazgandi. Endi, mana, boshiga qor ham yog'di...

Hovlimizda opalarim, bir-ikkita qo'ni-qo'shni kuymalanib yurar, qozon osilgan, katta uyga joy hozirlangandi.

– Esim qursin, – dedi onam xolam bilan ko'risha turib, – uch-to'rtta piyoz ola kelsin, demabman. Uyda ozroq edi.

– Hechqisi yo'q, hozir opkeltiraman. Go'sht bormidi ishqilib? – so'radi xolam ovozini pasaytiribroq.

– Oldik. Qassobimiz tuzuk odam, nasiyaga beraveradi...

Sho'rva qaynab chiqib, er oqarishib qolganda ayollar kela boshlashdi. Onam, opalarim yana yig'lashdi. Otamning bevaqt vafotidan keyin mening bola ko'nglimda paydo bo'lgan, oxirgi kunlarda esa asta-sekin g'oyib bo'la boshlagan ichki bir og'riq yana zo'raydi.

Biz choy ustiga choy, non ustiga non tashib turdik. Ostonaga etganda beixtiyor quloq solaman: ichkarida qizg'in suhbatlar borar, hatto ora-sira engil kulgu ko'tarilardi. Bola ko'nglim og'rinadi: nega ular otamni eslab xafa bo'lishmayapti? Nega otam haqida gapirishmayapti?

Rangi za'faron onam esa kirtaygan ko'zlarini uzoq-uzoqlarga tikib, chuqur o'yga tolgandi. Qor esa tobora tezlashar, yuzimga qo'nayotgan oppoq uchqunlar birinchi marta sovuq va yoqimsiz tuyulayotgan edi...

Undan beri ko'p suvlar oqib o'tdi. Zamon o'zgardi. “Qor yog'di”lar, “qovun pishdi”lar kamayib ketdi. Lekin hamon bor. Hamon inson aza marosimlarini cho'zish bilan ovora... Eskilarini yo'qotsa, yangilarini topadi.

– Shahar juda o'zgarib ketibdi. Etti yilcha bo'lgandi kelmaganimga, – deydi chekka tumanlik yo'lovchi hamrohim. Unga savol nazari bilan qaragandim, ma'yus gap qotdi:

– Uyimizda ketma-ket uchta aza bo'ldi. Avval onam, keyin qaynog'am, otam...

– Xudo rahmatiga olsin. Ammo shuncha vaqt aza tutish... uzoq emasmi?

– Endi, qishloq joyda shunaqa-da. Bir-ikki yil chetda yurmasangiz, kulishadi.

Kulishadi... Kimning ustidan? Yaqinidan judo bo'lib yuragidan qon silqib turgan, motamning tor qafasida bazo'r nafas olayotgan mushtiparning ustidanmi?

Bolaligimdagi birinchi qorni esladim. Qulog'imga dardimizni bo'lishgani kelgan ayollarning engil kulgusi eshitilgandek bo'ldi. Balki, o'zimizning ustimizdan kulayotgandirmiz?..

| Теги: txt
Категория: VSE | Дата: 24.05.2017 | Просмотров: 452 | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
Имя *:
Email *:
Код *: